Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozarov Misr Arab Respublikasining “PHARCO Corporation” farmatsevtika kompaniyasi vitse-prezidenti Muhammad Raslan hamda kompaniya tahlil bo‘limi rahbari Vael Favzini qabul qildi.

 

O‘zbekiston va Misrning mushtarak jihatlari, ikki yurtni, ikki elni bog‘lab turgan tarixiy rishtalar anchagina. Qohira shahrida “Hadiqa al-O‘zbakiya”, “Hay al-O‘zbakiya” nomli mavzelar borki, bu faktning o‘zi ham do‘stlikning abadiy nishonasidir. Buyuk vatandoshimiz Ahmad ibn Muhammad al-Farg‘oniy (800-861) poydevor qo‘ygan do‘stlik bugun ham yangi bosqichda davom etmoqda. O‘zbekiston mustaqilligini arab davlatlari orasida birinchi bo‘lib ayni Misr tan olgandi.

2018 yil sentyabrda Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Misr biznes-forumida “PHARCO Corporation” kompaniyasi bilan “Kosonsoy-Farm” erkin iqtisodiy zonasi hududida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha investitsion hamkorlik memorandumi imzolangan.

“PHARCO Corporation” 500 dan ortiq farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya hisoblanadi va u o‘z mahsulotlarini bugungi kunda dunyoning 47 mamlakatiga eksport qilmoqda.

Samimiy suhbat davomida farmatsevtika sohasida amalga oshiriladigan loyihalar va ularning samaralari, ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Tez fursatlarda Misrda ham Namanganda ham tadbirkorlar o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazilib, o‘zaro manfaatli iqtisodiy loyihalar bo‘yicha ishga kirishiladi va bu hech shubhasiz ikki taraf uchun ham foydali bo‘ladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi Bekzod Yusupov, mamlakatimizning Misr Arab Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oybek Usmanov ishtirok etdi.

Mehmonlar tashrif doirasida “Kosonsoy-Farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi, “Sprint farmatsevtikal” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

 

Xokimlik matbuot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech