Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


2019 yil 5 mart kuni xalq deputatlari Chortoq tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘ldi. Sessiyada viloyat hokimining o‘rinbosarlari, hokimlikning guruh va kotibiyati rahbarlari, viloyat huquqni muhofaza qilish idoralari boshliqlari, tegishli viloyat, tuman tashkilotlari mutasaddilari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

 

Sessiyada viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Ayubxon Kamolov so‘zga chiqdi. Notiq o‘z so‘zida tumanda keyingi paytda ijtimoiy-iqtisodiy masalalar ijrosida sustkashlik yuz berayotgani, bu borada qator yechimini kutayotgan muammolar yuzaga kelganini, ayrim sohalardagi ko‘rsatkichlar viloyat darajasidan ancha pastligini ta’kidladi.

Sessiyada viloyat hokimining qaroriga ko‘ra O.Haydarov arizasiga binoan lavozimidan ozod etildi. Hozirda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelgan Anvarjon Otaxodjayevni Chortoq tumani hokimi lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarori deputatlar e’tiboriga havola etildi. Deputatlar viloyat hokimining qarorlarini bir ovozdan tasdiqladilar.

Otaxodjayev Anvar Xojaxanovich 1972 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy, 1994 yilda Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti  (kunduzgi), 2002 yilda Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti  (sirtqi), 2001 yilda O‘zbekiston Respublikasi huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi muhandis-mehanik, moliya va kredit bo‘yicha mutaxassis.

 A.X.Otaxodjayev mehnat faoliyatini 1994 yilda Namangan shahridagi “Oltin vodiy-95” xususiy firmasi rahbari sifatida boshlagan. 1997-1998 yillarda Namangan viloyati statistika boshqarmasi tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘limi iqtisodchisi, 1998-2001 yillarda Namangan viloyati iqtisodiyot va statistika bosh boshqarmasida aholi turmush darajasi va iste’mol bozorini balanslashtirish bo‘limi mutaxassisi, yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi, bo‘lim boshlig‘i, 2001-2005 yillarda Namangan viloyati hokimligining Axborot-tahlil guruhi yetakchi mutaxassisi, 2005-2008 yillarda O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i, 2008-2012 yillarda Namangan viloyati mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i, 2012-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamenti hududlarni kompleksi rivojlantirish sho‘basining yetakchi mutaxassisi, 2016-2017 yillarda O‘zbekiston Oziq-ovqat xolding kompaniyasi boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari, 2017-2018 yillarda “O‘zparrandasanoat” uyushmasi raisining o‘rinbosari, 2018-2019 yillarda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig‘i vazifalarida ishlagan.

Tuman Kengashining sessiyasida mehnat faxriysi Botirali Hakimov, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Shohista Turg‘unova, tumanning yangi hokimi Anvarjon Otaxodjayevlar so‘zga chiqdilar.

 

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech