Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Tadbirkorlarga tartib-taomillar tushuntirildi

Namangan shahridagi ixtisoslashgan san’at maktabida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, qo‘mita huzuridagi Malaka oshirish markazi hamda “Soliq plyus” tahririyati vakillaridan iborat targ‘ibot guruhi ishtirokida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatda faoliyat yurituvchi 400ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari ishtirok etdi.

 

Tadbirda soliq siyosatini taomillashtirish konsepsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 iyun kungi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan keng imkoniyatlar, erishilayotgan natijalar atroflicha tahlil qilindi.

- Soliq qonunchiligi barqarorligi va soddalashtirilishini ta’minlash, soliq yuklamasini kamaytirish, respublikamizning investitsion jozibadorligini oshirish hamda soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish konsepsiyaning asosiy maqsadlari hisoblanadi, - deydi Davlat soliq qo‘mitasi bosh inspektori Komil Saidov. - SHu bilan birga soliqqa tortish tizimini tubdan isloh etish, soliqlar va majburiy to‘lovlarni qisqartirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish ko‘zda tutilgan. Soliq konsepsiyasi birinchi galda barcha biznes toifalari uchun soliq yukini kamaytirish va qulaylashtirish, shu asosida ishlab chiqarish va soliqqa tortiladigan bazani kengaytirishdan iborat.

 Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiyotni rivojlantirish va modernizatsiya qilishni rag‘batlantirish, xo‘jalik yuritish sub’ektlari uchun soliq yukini izchil kamaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan siyosat yuqori makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishishga xizmat qilmoqda.

 - Bugungi tadbirda nafaqat o‘zimni qiziqtirgan, balki ko‘pchilikni qiynab kelayotgan muammoli masalalarga mutaxassislar tomonidan to‘laqonli javob oldim, - deydi tadbirkor Odiljon  Nishanov - Ayniqsa, qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va hisob-kitobini yuritish yuzasidan bergan maslahatlari faoliyatimizda asqotishi shubhasiz. Soliq va bojxona imtiyozlarini berilishi esa xo‘jalik yuritish sub’ektlari, ayniqsa, fermer xo‘jaliklari, boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari va to‘qimachilik sanoati korxonalari o‘rtasida bozor munosabatlarini shakllantirishga xizmat qiladi.

 Seminarda tadbirkorlik sub’ektlaridan tushgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi. SHuningdek, endilikda soliq xizmati organlari soliq to‘lovchilarning biznes hamkoriga aylanib borayotganligi e’tirof etildi.

Bahodir Hamidov,

Namangan viloyat Davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘‘basi katta inspektori.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech