Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Pokistonning Karachi, Lahor, Peshovar va Multon shaharlarida Namangan savdo uylari ochiladi. Pokistonning “Najeb Consultants Pvt” kompaniyasi bilan hamkorlikda ochiladigan bu savdo ofislarida Namangan viloyatida ishlab chiqarilgan tekstil va boshqa yengil sanoat mahsulotlari hamda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotiladi. Namangan viloyati hokimligi hamda “Najeb Consultants Pvt” kompaniyasi o‘rtasida bu haqda kelishuv imzolandi.

 

7 noyabr kuni Namangan viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda imzolangan kelishuvga viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamda “Najeb Consultants Pvt” rahbari Najib Mushrak Voxra imzo chekdilar.

“O‘zbekiston bilan, Namangan bilan hamkorlik qilamiz degan kompaniyalar ko‘p bo‘lishi mumkin, lekin biz bu hamkorlikni amalda qilayotgan kompaniyalardan birimiz” deb qayd etdi Najib Mushrak Voxra. “Afg‘oniston orqali Pokistonga O‘zbekiston mahsulotlarini sotishni yo‘lga qo‘yganmiz. Uzoq yillardan beri Pokistonning asosiy savdo hamkori bo‘lgan Hindiston bilan bugungi kunda munosabatlarimiz biroz taranglashgan. Eron bilan sanksiyalar tufayli tijorat qilish imkoniyati kam. Bunday vaziyatda O‘zbekiston Pokistonga katta hajmlarda eksport taklif qilish imkoniyati mavjud. Buni amalga oshirishda asosiy rol o‘ynamoqchimiz”.

 

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, pokistonlik ishbilarmonga Pokiston shaharlarida ochilayotgan Namangan savdo uylari bilan bir qatorda viloyatning Pop tumanida yirik logistika markazi tashkil etishni taklif qildi. Bunday logistika markazi nafaqat Namangan, balki vodiyning boshqa viloyatlaridan ham mahsulotlarni yig‘ish va qadoqlash uchun qulaylik yaratishi ta’kidlandi. Najib Mushrak Voxra tomonidan bu taklif ijobiy qabul qilindi.

 

BAA va Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlar bilan ham hamkorlik ichida ekanliklarini aytib o‘tgan “Najeb Consultants Pvt” rahbari, Namanganda yetishtirilgan organik qishloq xo‘jalik mahsulotlariga bu mamlakatlarda ham talab katta ekanini, biroq aviatransport bilan yuk tashish narxlari biroz baland ekanligi, yetkaziladigan mahsulotlarning tannarxini ko‘tarib, raqobatbardoshligini pasaytirayotganini qayd etdi va borada chegirma berilishi ta’minlansa, eksport hamjini bir necha bor ko‘tarish imkoni borligini ta’kidladi. Viloyat hokimligi tomonidan bu masalada yordam berilishiga kelishib olindi.

Uchrashuvda Namangan shahar hokimi Shavkat Abdurazzaqov ham ishtirok etdi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech