Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech
Chop etish

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Kosonsoy tumani, «Go‘rmiron» MFYdagi qariyb 3 gektar maydonda qad rostlagan 2 ta ko‘p qavatli, 40 ta xonadonli turar joy binosi, buyum, dehqon va hayvon bozorlari hamda avtoturargohlar qurilishi jarayoni bilan tanishdi.

Umumiy qiymati 16 mlrd. so‘mlik loyihaning 3 mlrd. so‘mi bank krediti hisoblanadi. «Osmon sayyorasi» MChJ buyurtmasi asosida qurilishga ixtisoslashgan «Hasanobod» MChJ tomonidan hozirgacha 10 mlrd.  so‘mlik ishlar uddalanib, bunyodkorlik davom ettirilmoqda.  

Viloyat rahbari bugungi murakkab pandemiya sharoitida  bozorlarda ijtimoiy masofani qat'iy saqlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rish, savdo-sotiq qoidalariga to‘la rioya qilish, sotuvchi va xaridorlarga munosib shart-sharoitlarni yaratish, sanitariya-epidemiologiya me'yor va talablariga muvofiq ish tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

Shuningdek, viloyat rahbari shu yerning o‘zida «Namuna», «Tergachi», «Go‘rmiron» kichik sanoat zonalarida barpo etilishi kutilayotgan loyihalar taqdimotida ishtirok etdi. Umumiy qiymati 417 mlrd. so‘m bo‘lgan 50 ga yaqin loyiha to‘liq ishga tushishi va buning natijasida 1300 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.  



— Aholini ish bilan ta'minlash, iqtisodiy islohot va ijtimoiy o‘zgarishlarning samarasiga xizmat qiluvchi bunday loyihalarning har birini o‘z vaqtida, izchil amalga oshirish, ularning soni va sifatini puxta ko‘rib chiqish, har qarich yerdan unumli foydalanish, dasturga kiritilgan chora-tadbirlarning ijrosi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish, tasdiqlangan loyihalarni bajarishning samaradorligini ta'minlash muhim ahamiyatga ega, — dedi Xayrullo Bozorov.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech