Byuro organlari tomonidan voyaga yetmaganlarning huquq manfaatlarini himoya qilish, sud qarori bilan belgilangan aliment mablag‘larini undirib berish, shuningdek to‘lovlarni qasddan amalga oshirmay kelayotgan fuqarolarga tegishli tartibda javobgarlikka tortilmoqda. Jumladan, Byuroning Kosonsoy tumani bo‘limi tomonidan ish yurituvga olingan aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosini ta'minlash doimo nazoratda..


Amaldagi qonunchilikka ko‘ra aliment to‘lash bo‘yicha sud qarorini bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslar ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi, ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi qat'iy belgilangan. Bo‘lim tomonidan aliment mablag‘larini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlayotganlarga ham tegishli choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, kuni kecha jinoyat ishlari bo‘yicha Kosonsoy tuman sudi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan sayyor sud jarayonida 10 nafar ana shunday fuqarolarning ma'muriy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilib, huquqiy baho berildi.


Fuqaro Z. Yu turmush o‘rtog‘i bilan ajrab ketgan va sudning qarori bilan 1 nafar voyaga yetmagan farzandi uchun har oyda ish haqi hamda topgan daromadidan aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati Byuroning tuman bo‘limi ish yurituviga olingan va ijro harakatlari olib borilgan. Biroq, olib borilgan ijro harakatlari, tushuntirishlarga qaramay qarzdor ota voyaga yetmagan farzandi uchun aliment mablag‘ni qasddan to‘lamay keladi. Qarzdorlik salkam 10 mln. so‘mga borib yetadi. Byuroning tuman bo‘limi tomonidan qarzdor fuqaroning ijro ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun tuman ma'muriy sudga yuborildi. Bo‘lib o‘tgan sud davomida har ikki tomonlarning fikrlari eshitilib, yakuniy qaror qabul qilindi. Unga nisbatan 15 sutkalik ma'muriy qamoq jazosi belgilandi.


Tumanning Bomraxa mahallasida yashovchi A. A ga ham fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudining qarori bilan uch nafar farzandi uchun har oyda aliment to‘lash qat'iy belgilangan. Davlat ijrochisining tushuntirishlari, ogohlantirishiga qaramay 2 oydan ortiq muddatda aliment to‘lamay keladi. Bo‘lib o‘tgan sudda unga nisbatan ham hukm chiqarilib, 15 sutkalik ma'muriy qamoq chorasi qo‘llanildi.
Sayyor sud davomida shuningdek, qarzdorlar M.Q, A.A larning ma'muriy ish bo‘yicha to‘plangan hujjatlari atrofilicha ko‘rib chiqilib, ularga ham 15 sutkalik qamoq jazosi tayinlandi.

Shavkatjon Abdullaev, MIB Kosonsoy tuman bo‘limi boshlig‘i