Ma'lumki, sud va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta'minlash, ijro hujjatlari hamda undirilgan mablag‘larning haqqoniy hisobini yuritish, ijro ishi yuritishda sansalorlik va suiiste'molchilik holatlarining oldini olish Majburiy ijro byurosining asosiy vazifalaridan biridir. Byuroning Uchqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan bu borada tegishli chora-tadbirlar ko‘rib kelinmoqda.


Ayniqsa, muhtaram Prezidentimiz raisligida 2020 yilning 17 noyabr' kuni o‘tkazilgan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi video selektor yig‘ilishida, sud hujjatlari ijrosining bugungi kundagi holati tanqidiy tahlil qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qat'iy vazifalar belgilab berildi. Aynan yig‘ilishda fuqaro va tadbirkorlarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash, sud hokimiyatining nufuzi va ta'sirchanligini kuchaytirish maqsadida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosining samaradorligini oshirish lozim bo‘lganligi sababli, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tuzilmasi hamda vakolatlarini maqbullashtirish, uning ish uslubini tubdan qayta ko‘rib chiqish zaruriyatga aylangani ko‘rsatib o‘tildi.


Shunga ko‘ra, Davlatimiz rahbari tomonidan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi.
Farmonda muhim vazifalar belgilab berildi. Ana shulardan kelib chiqqan holda 2020 yil yakuni bilan sud va boshqa organlardan kelib tushgan ijro hujjatlari ijrosini ta'minlash borasida qator ishlar olib borildi.
Bo‘limda davlat ijrochilari hujjatlar ijro etish faoliyati davomida aliment, soliq. davlat, korxona va fuqaro foydasiga undiruv, uyga kiritish, uydan chiqarish, bolani olib berish, bola bilan ko‘rishtirish, ishga tiklash, ish haqlarini undirish va shu kabi 20 dan ortiq yo‘nalishlarda ijro hujjatlarini amalga oshirib kelishmoqda.


Bugungi kunda bo‘limda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ijrochilarning ish yurituvida jami 12.9 mlrd. so‘mlik 2718 ta ijro hujjatlari mavjud. Aynan davlat ijrochilarining ishini to‘g‘ri tashkil qilingani hamda sohaga zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalari jadal kirib borgani natijasida 2020 yilning 12 oyida jami 50.5 mlrd. so‘mlik 14.078 ta ijro hujjatlarining ijrosi to‘liq tamomlandi.

Tamomlangan ijro hujjatlarini aniq misollar orqali keltirib o‘tsam: Masalan, Byuroning Uchqo‘rg‘on tuman bo‘limi ish yurituvida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yil 18 avgustdagi ijro varaqasiga asosan qarzdor "Ona yer" fermer xo‘jaligi va qo‘shimcha javobgar “Uchqo‘rg‘on don” mahsulotlari AJ dan undiruvchi ATB “Agrobank” Uchqo‘rg‘on tuman filiali foydasiga jami 240.300.000 so‘m qarz undirish to‘g‘risidagi ijro mavjud bo‘lgan. Mazkur ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga kelib tushgandan so‘ng, davlat ijrochisi tomonidan belgilangan tartibda “ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Qarzdor tomonidan ixtiyoriy muddatda ijro hujjati talabi bajarilmaganligi sababli, ushbu ijro hujjati ijrosini ta'minlash maqsadida qarzdorning bankdagi hisob raqamlari aniqlanib, davlat ijrochisi tomonidan joriy yil 13 aprel' kuni inkasso topshiriqnomasi qo‘yilgan. Olib borilgan ijro harakatlari natijasida qarzdordan ijro varaqada ko‘rsatilgan qarz summasi to‘liq undirilib, ATB “Agrobank” Uchqo‘rg‘on tuman filiali foydasiga yo‘naltirilishi ta'minlandi.


Davlat foydasiga undiruvlar yo‘nalishida ham tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bu boradagi ishlarni raqamlarda keltirsak. Joriy yilning 12 oyida jami 27 mlrd. so‘mlik ijro hujjatlari ijrosi tamomlandi. Bu turdagi ijro xujjatlari bo‘yicha 22 mlrd. so‘mlik yoki 81.4 foizi soliq undiruvlari tashkil etganligi sababli hamkorlikda turli tadbirlar amalga oshirib kelindi.


Albatta, bugungi kunda bo‘lim tomonidan aliment undiruvlari bilan bog‘liq ishlarga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada hokimlik, mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Natijada, 12 oy davomida 1750 ta aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjjatlari ijrosi yuzasidan undiruvchilarga 3 mlrd. 950 mln. so‘m aliment mablag‘lari undirilib, undiruvchilarga yetkazildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 808-sonli qaroriga asosan 25 nafar aliment to‘lovchilarimiz o‘z farzandlarini voyaga yetguncha bo‘lgan summalarni to‘lab qo‘yishdi va ijro hujjatlari amalda tamomlandi.


Shu o‘rinda alohida ta'kidlash kerakki, ish bilan band bo‘lmagan aliment to‘lovlarchilarni bandligini ta'minlash, oilalarni yarashtirish ham diqqat e'tiborimizda. Bu borada olib borilgan tushuntirish va profilaktika sabab 68 ta oila yarashtirildi. Bandlik markazi orqali esa 114 nafar aliment to‘lovchilarning bandligi ta'minlandi.


Murojaatlarni o‘rganish jarayonida 184 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklandi.


Shu o‘rinda alohida aytish mumkinki, Farmonda joriy yilning 1 dekabrdan boshlab 6 turdagi ijro hujjatlari bo‘yicha davlat foydasiga undiriladigan mablag‘lar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab quvvatlash uchun proporsional tartibda yo‘naltirilishi belgilangan edi. Tumanda birgina o‘tgan yilning dekabr' oyida 425.0 mln so‘m mablag‘ undirilib, alohida g‘aznachilik hisob raqami bilan proporsional tartibda teng ravishda daftarlarga kiritilgan fuqarolarni qo‘llashga yo‘naltirildi.


Otabek Otajonov, MIB Uchqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘i