Chop etish

Joriy yilning 30 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqda videomurojaat joylashtirilgan. Ismini oshkor qilmagan fuqaro MIB Namangan tuman bo‘limiga kelgani, biroq hech kim qabul qilmaganini bayon etgan. Mazkur holat boshqarma tomonidan o‘rganilganda quyidagilar ma’lum bo‘ldi.

Birinchi navbatda murojaatchini shaxsi aniqlandi. Videomurojaat qilgan fuqaro Zaripova Zulxumor ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Endi bevosita murojaat bo‘yicha holatga aniqlik kiritsak. Bo‘lim ish yurituvida aynan fuqaroga tegishli ijro hujjati mavjud bo‘lib, qarzdor Tursunov Salimjondan aliment undirish belgilangan. Fuqaro Zaripova Zulxumor bo‘limga 2021 yil 28 sentabr kuni kelgan va bo‘lim boshlig‘i vazifasini bajaruvchi A. Qosimov tomonidan qabul qilingan. Qarzdor yashash xonadoniga shu kuni borilganda topish imkoni bo‘lmagan. Ertasi kuni, ya’ni 29 sentabr kuni fuqaro Zaripova Zulxumor bo‘limga kelgan. Qarzdorni uyiga davlat ijrochisi borgan hamda qarzdorni topib,soat 19:00 da 400.000 so‘m aliment mablag‘i undirib tilxat asosida berilgan.
Bundan tashqari aynan qarzdor Tursunov Salimjon Byuroning tuman bo‘lim tomonidan paxta tozalash korxonasiga 2021 yil, 1 sentabrdan ishga joylashtirilgani va qarzdorlik ish haqiga qaratilgani undiruvchiga qabul qilingan jarayonda tushuntirilgan. Hozirda fuqaro Tursunov Salimjonni alimentdan bo‘lgan qarzdorligi 4,5 mln. so‘mni tashkil etmoqda va ish haqiga qaratilgan holda undirish choralari ko‘rilmoqda.
Shu o‘rinda fuqarolarimizga eslatmoqchimizki, Byuro organlarida fuqarolarning har bir murojaati e’tiborda.

MIB Namangan viloyat boshqarmasi